Elektr energetika tizimida dispetcherlik boshqaruvi yanada takomillashtiriladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 400-sonli qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, elektr energetikasi tizimida tezkor-dispetcherlik boshqaruvini yanada takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yagona energetika tizimiga samarali integratsiya qilish hamda Milliy dispetcherlik markazi faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur o‘zgarish elektr energetikasi tizimini yagona markazdan tezkor muvofiqlashtirish, tarmoqlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda iste’molchilarni elektr energiyasi bilan yanada ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, energiya balansini real vaqt rejimida rejalashtirish va prognozlashning zamonaviy raqamli tizimlari joriy etiladi. “PowerFactory” (DIgSILENT) va “PLEXOS” dasturiy platformalari yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarining ishlab chiqarish hajmlari hamda ularning elektr tarmog‘iga ta’siri yanada aniq prognoz qilinadi.
Qaror bilan, shuningdek, dispetcherlik boshqaruvini raqamlashtirish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish hamda soha mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi.
